Форма входа
Логин:
Пароль:
Меню сайта
Одноклассники
Реклама
Поиск
Мини - чат
Для добавления необходима авторизация
Ёшингиз нечида?
Результаты
Всего ответов: 372
Архив записей
Категория
Соундтрекы
Статистика

Хозир сайтда: 1
Мехмон: 1
Фойдаланувчи: 0

"OZODBEK BIZGA HAM QARAB GAPIRING!" YoHUD HECh KIM NORIZO KETMAGAN KONSERT!

Дата: 05.05.2024
Автор: admin

"ISTIQLOL"DAN EKSKLYuZIV REPORTAJ!

Birinchi qatordan shundoq orqaga razm solsangiz, 4200 ta boshga ko‘zingiz tushadi, ayrim o‘rindiqlarda ikkitadan, yosh bolajonlarni, chaqaloqlarni ushlab olganlarni ham nazarda tutganda bu hissa yana ortadi. Yonimizda ikkitagina bo‘sh joy bor edi, birontasining qo‘liga tekin chipta, taklifnoma tushgan bo‘lsa, kelmay qolgandir degan o‘yda edik. Yo‘q, halloslagancha, peshona terini arta-arta ikki yoshi ulug‘ opa-singillar joylashib oldi. "Bir oydan beri shu konsertni orziqib kutamiz, aylonoy. Axir, 30 kun oldin Zomindan kelib chipta xarid qilib ketganmiz, mana zo‘rg‘a yetib keldik” deya fikrini bildirgandek bo‘lgan bu opa shu bo‘yi konsert oxirigicha, ko‘zlariga ishonqiramay o‘tirdi: Nahot, sahnada kuylayotgan Ozodbek! Dardli qo‘shiq aytsa yig‘ladi, sho‘xiga vazni halaqit bersa-da amallab o‘ynadi ham, hatto xonandaning otasi ikkinchi qatorda o‘tirganidan xabar topib, otaxonni raqsga ham chorladi...Xullas, karomat borini ko‘rsatdi! Bu biz guvoh bo‘lgan kichik bir voqea edi. Muxlislar bilan bog‘liq bunday antiqa voqealar konsert davomida sanoqsiz bo‘lganiga ishonaman. Parda ochilishi bilan bahasham sahnadan ko‘z quvnadi. Butun sahna oldiyu orqasi ekran bilan qoplangan! Hatto sahna tepasida milliy ruhiyatni saqlab qolish uchun piyolaga o‘xshash dekoratsiya ham qo‘ndirilgan. Hammasi ajoyib! Qarsaqli musiqa sadolari ostida intiq kutilgan, diydori odamlarga juda yaqin xonanda paydo bo‘ldi. "Xush keldingiz” deya kuylab, ta’zimda barcha muxlislarini qabul qildi. Kirish so‘zida soch tolasidan oyoq barmoqlarigacha titroqda turganini, muxlislar qo‘llab-quvvatlashi unga dalda bo‘lishini ta’kidladi.

Konsert davomida kuylangan "Bir, ikki, uch”, "Onam ruhi”, "Sevgi " kabi taronalarni muxlislar katta hayrat bilan qarshi olgan bo‘lsa, megaxit "Kutaman”ning remiksi va "Xorazmcha” qo‘shiq qo‘llarni raqsdan charchatdi-yov!

Xonandaning qo‘shiqlaridan keyingi xulosaviy gaplari tomoshabinlarni sehrlab qo‘ydi. Eng qizig‘i, muxlislar xonandaning nigohini, ko‘z o‘qi qayoqqa qaraganini ilg‘ab, rosmanasiga rashk qilib, balkonning chap tomonidan qichqirdi: "Bizga ham qarab gapiring, Ozodbek”. Kichik hazil e’tiborsiz qolmadi. Sahnadagi yulduz nafaqat nigohi balki mehr nuri bilan u tomonlarni ham chaqnatdi. Bu dargohdan hech kim norizo bo‘lib ketmasin, degan o‘yini isbotlaganiga qoyil qoldik. Bu yil ham yana bir shogirdini keng ommaga taqdim etdi. U ajoyib dasturda "Ajoyibsan-da” deya kuyladi.  

Konsert kulgusiz qizimasligi aniq. Biroq, qiziganni qaynatishning yangi yo‘lini o‘ylab topgan rejissyor Sa’dulla Abdullaev ishonchni oqladi. U kashf etgan "taqlidchilar” guruhi, shundoqqina ko‘z oldimizda ko‘plab mashhurlarning 2050-yildagi holatini tasvirladi-qo‘ydi! Mana sizga, futurologiya (kelajakka bashorat)!  Qoyil qolmaslikning aslo iloji yo‘q. Ekranda qarigan Ozodbekning yillar sarhisobidagi qiyofalariga mos ravishda ma’lumotlar berildi:  2025 yil 91 kun, 2050 yil ya’ni, 76 yoshida 245 kun ikki mahaldan muxlislarini xursand qiladi...Original kulgu! 63 ga chiqqan Poziljonov, Abdulla Qurbonov qariligida "Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi”da boshlovchilik qilishi, G‘iyos Boytoyevning 50 yildan beri mo‘ylovi orqasidan kun ko‘rishi haqidagi ichakuzdi hazillar ko‘zlardan hatto yosh chiqarib yubordi. Rayhon momoning  Nazarbekovning "Majnuntolning novdalarini” o‘z lahjasida kuylagani shu qadar ishonarli chiqdiki, Rayhonning o‘zi kelibdi, deganlar ham topildi.

Xonandaning "Yorim arazlab ketdi” qo‘shig‘iga Parizodaning evrilib raqsga tushishi esa ko‘ngillarni xushnud etdi. Axir, sevimli raqqosani oilali bo‘lgandan beri sahnaga qaytishini sog‘inib qolgandik. Muhriddin Xoliqovning "Yig‘lama qiz”i "sahna qiroli"ga aylangan shogirdi ijrosida jonli  kuylangani, ustozning ruhini chinakamiga shod qilgan bo‘lsa, ne ajab?

 

"Dadajon”. Oila - jamiyat asosi. Uning mustahkamligini ta’minlaydigan javobgar ota-ona farzandiga nimalar deyishi kerak? Bu qo‘shiq yaxshigina javob bo‘la oldi! Navoiysini, Buxoriyini bilmagan farzand buyuk ajdodlarimiz, buyuk millatga munosib avlod bo‘la oladimi? Ozodbekning unib kelayotgan bolajonlar tarbiyasiga ham mas’ul ekanini unutmagani e’tiborga molik. Axir, bugun uning konsertiga ota-onasi qo‘li bilan yetaklab kelayotgan bolalari shu ko‘rganlaridan kezi kelib andoza oladi. O‘tmish va kelajak o‘rtasida bugundan ko‘prik yasash uchun hofizning o‘zi komil bo‘lmog‘i kerak. Bu borada, ishonamiz, Nazarbekovga!

Shundan so‘ng, "Onasi borlarga havas qilamiz, onasi yo‘qlar, kelinglar, bir dardlashamiz” deya "Ona ruhi” dardli xonishini kuyladi. Tomoshabinlar holatini o‘zingiz tasavvur qilavering!

"Xafa bo‘laman” qo‘shig‘iga esa ko‘rinishidan yoshligiga qaytgan O‘zbekiston xalq artisti Rushana Sultonova zaldan sahnaga ko‘tarilib, impravizision ravishda yal-yal raqs ulashdi.

Shunday qilib, dasturning kulminasion, ta’bir joiz bo‘lsa, global nuqtasiga yetib keldik! Ozodbek zalni to‘ldirib turgan qorako‘zlarga haqli ravishda qo‘shig‘i orqali savol tashladi: "Bundan ortiq yana nima kerak bizga?”.  Bugun arzimas tashvishlardan noliydigan, pashshadan fil yasaydigan fuqarolar ham oramizda topiladi. Qo‘shiq va unga mos tarzda yaratilgan videolavhalar etni junjiktiradi. Talmovsiragan, turli-tuman ofatu tahdidlar qurshovida qolgan dunyoga bir nazar tashlasak, qanday zamon va makonda emin-erkin yashayotganimizni yana bir bor esga olish fursatiga oshno tutinasiz va bexosdan, "Shukur, Yaratganga shukur" deb yuborasiz. Xonanda mas’uliyatni a’lo darajada uddaladi. Xalq hofizi sifatida yelkasida turgan vazifani ado etdi.

Konsert finalini shukronalikka yo‘g‘rilgan sho‘x tarona bilan yakunlar ekan, bir yil davomida nimalar demoqchi ekanini xulosa tarzida bayon etdi, kuychi. Buni qay darajada uddaladi, muxlislarning o‘z shaxsiy tahlillarida! Muhimi, u o‘zbek san’ati tarixi sahifalariga ma’naviy boy konsert tushunchasini muhrlay oldi. Aslida konsert mo‘may daromad orttirish manbai emas! Madaniy hordiq doirasida tafakkur gulshaniga o‘z hissasini qo‘shmoqlik maqsadi ekanligini boshqa xonandalarga ham o‘rnak sifatida dars qila olgani uchun "Xush keldingiz” deya qarshi olgan, yuzlab mehnatini, kuch-g‘ayratini safarbar qilganlarga tasannolar yig‘indisi yog‘ilganini aytgimiz keldi!

Xulosa.

DID.YaXShI QO‘ShIQ.FAYZ! Konsertni konsert darajasida ushlaydigan shu uch omilni  birlashtira olgan, ular uchrashgan chorraha markazida esa yana o‘sha Nazarbekov!  G‘alaba, yangi g‘alaba muborak, o‘zbek san’ati iftixori! Rekord sari yo‘l ochganingiz rost bo‘lsin, Bek!

 

 

Скачать:
У вас нет прав для просмотра скрытого текста
Просмотров: 1849